Gönderi

Besh chambar kitobi — Miyamoto Musashi
9/10
·107 syf.··
Beğendi
·
2024 5. kitabı
·
4 saatte okudu
·
Okunma: 03 Şubat 2024 01:48
​Musashi shaxsiyati bilan ilk bor 2023-yil dekabrida, Youtube'da videosini ko'rib, tanishib chiqqandim. U 17-asr oxiri 18-asr boshlaridagi Yaponiyada yashagan, "Qilich ustozi" nomini olgan, tarixdagi eng kuchli samuraylardan biri bo'lgan. Uning hayot falsafasi haqida bu postda (t.me/stoik_kutubxona...) qisqacha yozgandim. Keyinchalik esa uning o'zi kitob yozgani haqida ham xabar topdim. U 60 yillik umri davomida to'plagan tajribasi va strategiyasini ushbu kichik qo'llanmaga (t.me/burasihepkitap/979) yozib ketgan ekan. Kitob inglizchaga "The book of five rings" deb tarjima qilingan. Men esa turkchadan tarjimasini oldim, "Besh chambar kitobi" (Beş çember kitabı). Kitob mazmunidan kelib chiqqanda ham, shunisi mantiqan to'g'ri. Kitobni o'zi jang san'ati qo'llanmasi sifatida yozilgan. Musashi dzen buddizm, konfutsizm va o'sha davrdagi mahalliy din unsurlaridan foydalanib, o'zining "Strategik Yo'l" tushunchasini yaratadi. Bu strategiyadan esa biz nafaqat jang maydonida, balki oila, shaxsiy hayot, ish, biznes va hokazo vaziyatlarda qo'llashimiz mumkin bo'ladi. Usta samuray har bir taktika so'nggida takrorlashning muhimligini sizga eslatib turadi. Ushbu "strategiya" beshta kitobdan (qismdan) iborat bo'lib, ular: tuproq, suv, olov, shamol va bo'shliq deb nomlanadi. Bu buddizmdagi besh muqaddas unsurdan olingan. Har bir unsur davomida Miyamoto o'ziga xos usullar, taktikalarni o'rgatib boradi. Kitobda jangchi o'zini kurashga ruhan tayyorlashi kerakligi ilgari suriladi. Har qanday jangda g'alaba qilishning yagona yo'li, unga allaqachon o'lgandek kirishishdir, deydi qilich ustasi. Menimcha ham bu to'g'ri yondashuv, modomiki o'lib bo'lgan ekansan, yo'qotadigan hech narsang qolmagach, dushmaningni oldida umuman imkon qoldirmaysan. Shunday ekan, jangchining qismati - o'limni qat'iyat bilan qabul qilishdir. Shuningdek, asarda jang maydonida suvdek sokin qolish kerakligi uqtiriladi. Odatda qanday bo'lsang, hayot-mamot jangingda ham ana shunday qol. Vaximaga tushish, kundaga o'zi xohlab boshini qo'yib berishga teng. Bundan tashqari, jang paytida tanani qanday tutib, ko'z, oyoq-qo'l harakatlari, hattoki quyoshga qarab pozitsiyani olishgacha batafsil tushuntirib berilgan. Bularning hammasi raqib oldida jangchining ustunligini oshiradigan jihatlardir. Tuproq, suv va olov kitoblarida yuqoridagi kabi janggacha bo'lgan, jang vaqtidagi va jangdan keyingi taktikalar yozilgan bo'lsa, shamol kitobida u boshqa jang san'ati maktablarining strategiyasidagi xato-kamchiliklarini tahlil qilib, ularning nega noto'g'ri ekanini asoslab beradi. Va oxirgi bo'shliq kitobida Musashi, jangchi ruhiyatidan zohid ruhiyatiga o'tadi. Uning fikricha, odamlar o'zi tushunmagan narsasida bo'shliqni ko'rishadi. Lekin haqiqiy bo'shliq bu emas. Xo'sh, unda bo'shliq deganda u nimani nazarda tutgan? Har bir jangchi jang san'atlarini har tomonlama mukammal o'rganishi va kunba-kun, soatba-soat mashq qilishi, takrorlashi kerak. Vaqt o'tgan sayin ruhing bulutlari tozalanib, ko'zlaringni pardalagan bulutlar tarqaganida haqiqiy bo'shliqni anglab yetasan. Ana o'shandagina, har qanday narsani keng ma'noda idroklay boshlaysan va bo'shliqni Yo'l o'laroq qabul qilish barobarida, Yo'lning ham bo'shliq ekanini ko'rasan.
Beş Çember KitabıMiyamoto Musashi · Anahtar Kitaplar Yayınevi · 2006738 okunma
·
30 Gösterim
Yorumlar
Lütfen giriş yapınız.