Akış
Ara
Ne Okusam?
Giriş Yap
Kaydol

Gönderi

Goʻr oʻgʻli yoxud hayot suvi — Nazar Eshonqul
Kitobni u haqida hech qanday maʼlumotga ega boʻlmasdan turib oʻqiy boshlagandim. Natijada oʻzim uchun yangi ijodkorni kashf qildim. Nazar Eshonqul - inson ruhiyatining teranliklariga kirib boruvchi, jamiyat va inson oʻrtasidagi bogʻlarni dahshatli darajada ochib beruvchi adib. Goʻr oʻgʻli asaridan keyin shunday taassurot qoldirdi. Asarni choʻlda suvsiz qolib ketgan odam axiyri suvga yetishgandek, simirib oʻqidim. Asar absurd darajada axmoqona siyosat va uning qurboniga aylangan sogʻlom fikrli qahramon atrofiga qurilgan. Bu tomondan kitobda Oruell dunyosining unsurlarini sezish mumkin. Kitobda qurilgan dunyoda sud - teatrdir, tiriklik - oʻlimdir, qonun esa jinoyat. Asar bosh qahramon N. ning anglashilmovchilik sabab oʻliklar roʻyxatiga tushib qolgani bilan boshlanadi. Shu voqeadan keyin N. ning hayoti butkul oʻzgarib ketadi. Endi u qancha urinmasin, yugurmasin, talab qilmasin, ishi o'nglanish oʻrniga battarlashib boradi. Chunki N. hujjatda oʻlgan edi. Hujjat gapiradi, hujjat! Sen kim boʻpsan, tirikman degan gaping bilan tirikligingni isbotlay olaman deb o'yladingmi? Bechora N. qaysi tashkilotga bormasin, yana bir boshqasiga jo'natilar, shu tsikl tinimsiz qaytarilardi. Asardagi eng kattakon obraz - Tergovchi (1984'dagi katta ogʻa singari) gina N. ning ishini hal qila olar, faqatgina uning qoʻlidan bu kelardi. Lekin kimsan Tergovchi qayoqdagi N. ga vaqtini sarflaydi deb oʻylaysizmi? Asar goʻyo biz yashab turgan dunyomizni butkul teskarisidek taassurot qoldirishi mumkin. Absurd voqealar va undanda absurdroq tushlar qismi bilan asar sizni shu xulosaga yetaklaydi. Lekin sal chuqurroq oʻylab qaralsa, asar unchalik ham antiutopik emasligi, oʻzimiz ichida yashab turgan jamiyatga bir qator "otsilkalar" berilganini koʻrib, yozuvchi mahoratiga tan bermay ilojsiz qolasiz. Bu asar haqida judayam uzoq yozish va tahlil qilish mumkin. Lekin asarni bir martagina oʻqish bilan bunday tahlil qilib boʻlmaydi. Chunki asar ogʻir, uni tushunib oʻqish uchun adabiy, ijtimoiy, siyosiy bilim talab qiliinadi. Busiz oʻquvchi kitobdan zerikib qolishi tayin. Byurokratizm va absurd qonun-qoidalar qurboniga aylangan beayb insonning dahshatli hikoyasi qiziq boʻlsa, buning zamirida 90-yillarning jirkanch siyosati manzaralariga sayr qilmoqchi boʻlsangiz, kitobni oʻqishni tavsiya qilaman. #inceleme
·
15 görüntüleme
Yorum yapabilmeniz için giriş yapmanız gerekmektedir.