"Onangchi, onang hech qachon xiyonat qildimi senga! Biron marta, aqalli bir marta xiyonat qildimi? Har kim har kimning ko'ziga cho'p solishi mumkin, har kim har kimga xiyonat qilishi mumkin. Faqat ona o'z bolasiga hech qachon xiyonat qilmaydi. Ehtimol, inson hayotining shuncha yillardan buyon davom etib kelayotgani shundandir".
Birov xiyonatni shunchaki kasbga aylantirib olgani uchun, birov ishini bitirib olish uchun, birov hasad qilgani uchun xiyonat qilaveradimi? Shuning uchun bu dunyoni yolg'onchi dunyo deyishadimi?
Ilgarilari bir haqiqatni bilardim. Ona uchun bolaning katta-kichigi boʻlmaydi. Endi yana bir haqiqatni angladim: bola uchun ham onaning katta-kichigi bo'lmas ekan. Ona ona ekan. Unga boshqa sifat kerakmas.