Akış
Ara
Ne Okusam?
Giriş Yap
Kaydol

Gönderi

261 syf.
9/10 puan verdi
·
Beğendi
·
25 günde okudu
Pashshalar hukmdori — Uilliam Golding
Asar bir qarashda bolalarning kimsasiz orolga tushib qolishi va u yerda koʻrgan-kechirganlari hisobiga bolalar adabiyotidan deb oʻylashingiz mumkin, ehtimol. Lekin bu toʻgʻri emas, negaligini tushuntiraman. Voqealar urushdan himoyalash uchun bolalarni olib ketayotgan samolyotning odam oyogʻi yetmagan orolga qulashi bilan boshlanadi. Olti yoshdan oʻn ikki yoshgacha boʻlgan bolalar avval boshda qutqarilgungacha mazza qilib kattalarsiz erkin hayot sururini totmoqchi boʻlishadi. Qanday ajoyib, shunday emasmi? Tergab koyiydigan insoning boʻlmasa, istagancha yursang, qirgʻoqda choʻmilib, tropik mevalardan yeb, oʻrmonni sayr qilib yursang, bundan ortiq jannat bormi? Lekin, hammasi tasavvur qilganimizchalik sodda va bir tekisda ketmaydi. Asar bosh qahramoni Ralf eng boshda orolda tirik qolganlar bor-yo'qligini bilish uchun oʻzi topib olgan chig'anog'idan baland ovoz chiqaradi. Atrofiga yigʻilgan bolalar bilan majlis qilib, ovoz berish yoʻli orqali oralarida lider etib saylanadi. Ralf bilan birinchi boʻlib tanishgan bola Cho'chqacha (asl ismi nomaʼlum) mobodo kema oʻtib qolsa bizni bilsin deb olov yoqishni tavsiya qiladi, cherkov hor guruhi sardori boʻlgan Jek esa oʻzi va guruhining qorni ochligi, shu sababli ovga chiqishlari kerakligini ilgari suradi. Va bir navi Ralfning liderligini qabul qilmaydi. Ichidagi Ralfga nafrat asar ohirigacha kuchaysa kuchayadi, zaiflamaydi. Shunday qilib bolalardan iborat bir guruh tuziladi, asosiy vazifa olovni soʻndirib qoʻymaslik, chunki undan doimiy chiqib turgan tutun qachondir o'tkinchi kemadagilarga koʻrinadi va bolalar qutqariladi. Guruh ichida oʻzaro qoidalar tuzib chiqiladi. Gapirish uchun chigʻanoqni qoʻlga olish kabi, masalan. Kimdir olovga oʻt qalagan, izlagan, kimdir ovga chiqqan, kimdir boshpana qurgan. Lekin, olti yashar bolaga gap uqtirishning oʻzi boʻladimi? Yosh bolalar oʻyinqaroqlik bilan ishga masʼuliyat koʻrsatmaydi, koʻp ishlar chala qoladi. Shu paytda bolalar ichidagi potensial qaynab chiqishni boshlaydi. Misol uchun, Simon yosh boʻlishiga qaramay koʻngli toza boʻlgani uchun boshqalar qoʻrqadigan va maxluq borligini aytishadigan oʻrmonga bemalol kirib, kechalari sayr qilib kelardi. Va bir kun bolalar qoʻrquvining asl sababi, maxluq deb aytishadigan narsaning oʻlgan parashutchining tanasi va shamolda ishib, xilpirayotgan parashuti ekanini koʻradi. Asl maxluq oʻrmonda emas, bolalarning ichida ekanligini aytadi. Jek esa guruhi bilan ov qilib bolalar uchun goʻsht olib keladi va liderlikka haqiqiy nomzod oʻzi ekanini ilgari suradi. Xoʻjayin boʻlishi evaziga bolalarga doimiy goʻsht va nomaʼlum maxluqdan himoyani va'da qiladi. Bolalar uning qabilasiga qoʻshilib, ovchi hayotga oʻtishi natijasida va albatta fashist lider soyasida yovvoyilasha boshlaydi. Shunchalik aqlini yo'qotar darajaga yetishadiki, natijada oralaridan ikki nafar bola besabab oʻlim topadi. Yovvoyilar oʻz shaxsiyatlaridan uyalib, yuzlariga boʻyoq surtishadi, bu orqali oʻzligini yechib qo'yishadi. Bu esa ularning aqlini butkul oʻchiradi. Jannatmakon orol urush va yongʻinlar ichidagi jahannamga aylanadi. Bizga doim goʻyoki farishta ekanligi aytib kelinadigan bolalarning ham inson ekani, insonlarning esa qanchalik yomonlikka borib yetishi judayam chiroyli hikoya qilingan kitobda. Baʼzilar yozuvchining bu kitobi orqali insonlar tugʻma yovuzligini ilgari surgani haqida xato fikrga borishi mumkin. Lekin, e'tibor bersak, besh qoʻl baravar emasligini koʻramiz. Misol uchun, Ralf va Cho'chqachaning yomon tomonlari yoki Jekning baʼzi yaxshi tomonlarini ham topish mumkin. Mutlaq yaxshilikni esa faqatgina Simon obrazida koʻrdim, oʻzining goʻshtini boshqasi bilan ulashishi va yuragida mutlaqo kiri yoʻqligi, kelgusi voqealarni oldindan koʻra bilish xislatlari bilan uni hatto Isoga ham qiyoslash mumkin. Asardagi yagona mutlaq yovuz obraz esa Rojerdir. Jekning hor guruhidagi, rahm-shafqat nimaligini bilmaydigan, yuragi tosh ablax bir bola. Asar busbutun allegoriyadan iborat. Undagi deyarli har bir obraz nimaningdir ishorasi. Misol uchun, Ralf demokratiya timsoli (ovoz berish yoʻli bilan lider etib saylanishi, mantiq bilan guruhni boshqarishi), Cho'chqacha aql va mantiqning ramzi (Ralfga har jabhada mantiq doirasida doimiy maslahatlar berib turishi), Jek esa fashizm timsoli, qisqa qilib aytganda, mamkin Gitler (zoʻrlik bilan hokimiyatga chiqishi, qoʻrquv bilan guruhni boshqarishi), Pashshalar hukmdori esa menimcha dinning timsoli (bolalar undan qoʻrqib, unga tortiqlar in'om qilishi). "Pashshalar hukmdori" yozuvchi Goldingning birinchi, lekin shunga qaramay uni dunyoga mashhur qilgan, hatto Nobel mukofotini keltirgan asaridir. Shunday boʻlsada, ilk boshda yozuvchining bu asari yigirmadan ortiq nashriyot tomonidan rad etilgan. Koʻpchilik asarni Ballantinning "Marjon oroli"ga oʻxshatsada, men ikkalasi orasida ikkita oʻxshashlikni koʻrdim xolos. Biri bolalarning kimsasiz orolga tushib qolishi boʻlsa, ikkinchisi boshqa qahramonlarining Ralf va Jek ekanligi. "Pashshalar hukmdori" asari bolalik romantizmini ezib, yakson qiladi va inson tabiatining eng qorongʻu tomonlari haqida jar soladi. Oʻqigandan keyin oʻzingizni gʻalati his qilasiz, nahotki inson shungacha borib yetishi mumkin deya oʻzingizga savollar berasiz, qoʻrqasiz, hayajonlanasiz va asar ohirigacha Ralf bilan, Ralf boʻlib, umidlanasiz. Kutasiz. Aytishlaricha, 2024-yilda bu asar oʻzbek tilida ham qoʻlimizga tegarkan, kutamiz.
Sineklerin Tanrısı
Sineklerin TanrısıWilliam Golding · Türkiye İş Bankası Kültür Yayınları · 202080,3bin okunma
·
17 görüntüleme
Yorum yapabilmeniz için giriş yapmanız gerekmektedir.