Tutunamayanlar — Oğuz Atay
10/10
·724 syf.··
Beğendi
·
2023 13. kitabı
·
33 günde okudu
·
Okunma: 23 Aralık 2023 06:06
Bir yildan beri havas qilib, faqat iqtiboslardangina tanish bo'lgan asarim - Tutunamayanlar'ni axiyri o'qib bitirdim. Axiyri deyishimni sababi, o'qilishi o'tgan oyda boshlanib, 200-sahifalarda to'xtatib qo'ygandim. Sababi murakkab tilda yozilgani va meni tushunmay qolayotganim edi. Lekin, ikki haftalar oldin qayta boshladim va kecha bitirdim.  Asar Turkiyada eng ko'p o'qiladigan kitoblar ro'yxatida 3-, eng ko'p chala qoldiriladigan kitoblar ro'yxatida esa 1-o'rinda turarmish, buning sababi meniki bilan ayni - kitobni birinchi yarmi qo'shiqlar va ularning tahlillari bilan, qahramonlarning ichki va tashqi ovozlari qorishib, ba'zan esa bularning hammasi boshqa bir qahramonniki bilan aralashib, kim asli kimligi, kim qaysi gapni aytayotganini tushunishda chigalliklarni keltirib chiqaradi. Kitobni yarmidagi bir bobda esa hech qanday nuqta, vergul ishlatilmay, birgina jumla shaklida 70 betlar davom etgan. Shu sabab, judayam ko'pchilik kitobni chala qoldirgan. Lekin, ishoning yaxshiyam davom ettiribman.  Asar nomi bilan bog'liq berilgan eng ko'p savol - "Tutunamayanlar" nima degani? bo'ldi. O'zbek tilida bu so'zni "Tutina olmaganlar" deb nomlasak bo'ladi. Dilgir, ruhan yolgʻiz, hayotda nimagadir tutina olmagan va shu koʻyi o'tib ketgan odamlarga adib "Tutunamayanlar" deb nom bergan. "Kimdir kitoblarga, kimdirlar ichkilikka, kimdir esa filmlarga tutinadi. Menimcha, ortiq inson insonga tutina olmaydi" deydi Atay o'z asarida. Va kitobda ta'riflanganidek, tutina olmaganlar haqida so'z boradi. Asar bosh qahramoni Selim Ishik ko'p aqlli, ta'sirchan va tutina olmaganlarning "eng kattasi". Uning yagona istagi kimgadir tutinish edi. Lekin, hayot adolatsiz, odamga esa mehr yetishmaydi. Selimning hayoti go'yo darz ketgan stakandagi suv kabi edi. Umidsizlik, kutuv va baxtsizlik ichra o'tgan umri unga faqatgina ruhiy inqirozni qozondirdi, xolos. Selim hayotga tutina olmadi. Turgut O'zben - Selimning o'limidan so'ng, u qoldirgan maktublar, kundaliklar, qo'shiqlar, u yaqindan tanish bo'lgan insonlar bilan ko'rishib, do'stini qay sabablar o'limga yetaklaganini bilmoqchi, aniqlik kiritmoqchi bo'ladi. Boshda Selimning o'z joniga qasd qilganiga ishonmaydi, lekin vaqt o'tgan sari va o'lim dalillari shavqatsizlarcha atrofida tizilgani sayin, haqiqatni qabul qila boradi.  "Tutunamayanlar"ni oxiri nima bo'larkin deb o'qimang. Chunki kitobning 447-sahifasida yozuvchi bu savolingizga shunday javob berib ketgan: "Hayotimning boshi va oxiri aniq edi; hech bo'lmasa o'rtasini o'tkazib yubormasligim kerak edi." Va men ham, "Tutunamayanlar" ning boshi va oxiri aniq, hech bo'lmasa, o'rtasini o'tkazvormang, deyman. Bu orada, muallif haqida ham qisqacha ma'lumot bersam. Oğuz Atay 43 yillik qisqa umri davomida barmoq bilan sanarli asarlar yozdi, "Tutunamayanlar" shular orasidagi shox asari hisoblanadi. Lekin, afsuski aksariyat daholar singari, Atay ham tiriklik davrida qadr-e'tibor topmagan. Huddi Vinsent Van Gog kabi. O'limi ortidan esa asarlari mamlakat bo'ylab qo'lma-qo'l bo'lib o'qila boshlangan va bugungi kunga kelib, har bir ziyoli turk xonadonida Atayning kamida bitta asari o'rin olgan. Modern turk adabiyotining ko'plab adiblariga Atay asarlari ilhom manbayi bo'lib xizmat qilgani aytiladi. Va har doimgidek, asar haqidagi eng qiziq ma'lumotga oxirida navbat keldi: Asar biografik bo'lib, undagi har bir obraz Atayning do'stlari, tanishlaridir. Asar voqealari esa muallifning o'z hayotidan olib yozilgan. Quyida asardan ba'zi iqtiboslarni o'qishingiz mumkin: "Boshqalariga ayta oladigan yechimim bo'lishi uchun avval o'zimga so'zim o'tishiga ishonishim kerak. Mendan bugun nima qilish kerak deb so'rashsa, birinchi bo'lib, asosiy tamoyildan so'z ketadigan bo'lsa, u faqatgina shunday bo'lishi mumkin: O'zini anglamagan kishi, o'zidan boshqa hech bir muammoni yecholmaydi." "Inson hatti-harakatlariga chek qo'ya olar; lekin xayollariga qanday chek qo'ya olsin?" "Shu kunlarda o'zim bilan ko'p gaplashadigan bo'ldim. Nima qilay? Boshqalarning suhbatidan ko'nglim qoldi."  "Yotog'im qarshisida bir deraza bor. Xonaning devorlari qip-yalang'och. Bu uyda qanday qilib o'n yil yashadim? Bir marta ham devorga rasm ilish aqlimga kelmadimi? Men nima qildim o'zi? Hech kim meni ogohlantirmadi ham. Mana, axiyri ma'nosiz kimsaga aylandim. Mana, intixom keldi. Yomon rasm ilishdan qo'rqib umuman rasm ilmadim; yomon yashashdan qo'rqib umuman yashamadim..." Alp Demir
TutunamayanlarOğuz Atay · İletişim Yayınları · 202475bin okunma
·
294 Gösterim
Yorumlar
Lütfen giriş yapınız.