Gönderi

128 syf.
7/10 puan verdi
·
Beğendi
·
11 günde okudu
Insoniyligimni yoʻqotib — Osamu Dazai
Yozuvchi ushbu asari orqali kitobxon oldiga bir qator savollarni teradi: Inson boʻlish oʻzi nima? Biz qanchalik darajada insonmiz? Jamiyat ichida qabul qilinish uchun qanday rollarni oʻynashga majburmiz? Nega yolgʻizmiz? Va nihoyat. Bu hayot yashashga arziydimi? Dazai bu savollarni berish bilan cheklanibgina qolmay, quyidagicha javoblarni ham beradi: "Birovlarni hursand qilishga boʻlgan umidsiz ehtiyojim boʻy koʻrsatganida, haqiqatlarga birdan gʻalati, zaif, axmoqona bezaklar yoki boshqa narsalar qoʻshaman." Ochigʻi, oʻzim Yozo kabi jamiyat ichida rollarga kirishga judayam koʻp majbur boʻlaman. Mendayam haqiqatlarimga axmoqona va zaif bezaklar qorishtirganim boʻlgan. Chunki jamiyat bizdan faqatgina biz bo'lishimizni istamaydi. Tan oling, siz ham roldan rolga kirishga ustasiz, koʻchada, ishda, oilada.... Bu jamiyat sizning faqatgina siz boʻlib yashashingizga qoʻyib beradigan jamiyat emas. Hayotingizning maʼlum qismida jamiyat qoliplarini oʻzingizga olishga majbur boʻlasiz. Buni qilish uchun esa usta aktyor, Dazai tilida aytganda, "masxaraboz" boʻlish kerak. Yozo otasining ishi sababli bolaligidan insonlar aro munosabatlardagi soxtalikning guvohi boʻladi. Bu vaziyat uning butun hayotiga taʼsirini oʻtkazib, insonlarga ishonchsizlikni qoʻya turing, insoniyatga qarshi dahshatli qoʻrquv paydo boʻladi. Uy xizmatkorlari orasidagi qaygʻuli, qoʻrqinchli (jinsiy zo'ravonliklar haqidagi) hikoyalar ham Yozoga taʼsirini oʻtkazgan. Lekin u bu haqda oilasiga aytmagan. Hozir ham bu narsa oʻzgarmagan, bolalar jiddiyroq nimadir haqida gapirsa, kattalar tomonidan "bolaning xayoloti kengligi" yoki "e'tibor tortmoqchi boʻlayotgani" aytiladi. Yozoning muammosi munosabatlardagi soxtalik, maʼnosiz jamiyat qoidalari yoki zerikarli turmush tarzi emasdi. Uning asl muammosi bolaligidan uni hayotga bogʻlab turadigan qaynoq sevgining boʻlmaganida edi. Yozo kitobda oyisi haqida deyarli bir soʻz ham aytmaydi, otasi doim ish bilan mashgʻul, chet el safarlarida, bir nechta aka-ukalari bor, lekin u uyidagi xizmatkorlar qoʻlida ulgʻayadi. Shunday katta oilada yolgʻiz. Yozo butun boshli insoniyatni yomon koʻradi, lekin insoniyat ichidagi ayol hilqatiga boshqacha nafrati bor. Insoniyatdan qoʻrqadi, lekin ayollardan koʻproq qoʻrqadi. Buning sababi esa ayollarning murakkab ruhiyatini tushunmasligi. Yozo ayollarni yoqtirmasligiga qaramay, ayollar uning uchala suitsidiga ham hamrohlik qiladi. Yozo va Kamyuning "Merso"si bir-biriga oʻxshab ketadi. Lekin ikkalasini oʻrtasida farqlar ham yoʻq emas. Masalan, Merso hayotni boricha yasharkan, Yozo haqiqiy shaxsiyatini sir tutib, jamiyat ichida tutina olish uchun butunlay boshqa shaxsiyatga aylanadi. Haqiqiy shaxsiyatini yashirish uchun bor kuch-quvvatini sarflaydi. Merso, oyim kecha oʻldi, balki bugun, eslolmayman, deydi. Lekin Yozo, odatiy bir insondek koʻrinish uchun, "nimanidir his qilishini" koʻrsatish uchun kechasi oʻrnidan turib, yashirincha otasining daftariga bir narsalar qoralaydi. Har ikkala obrazning Ikkinchi jahon urishining taʼsiri davom etayotgan yillarda yaratilgani, ularning nega bunchalik hissizlashgani borasida taxminiy xulosalarni beradi. Asar davomida Yozoning haqiqiy yasama shaxsiyatlari orasida ulkan jarlik paydo boʻladi va Yozo bu jarlikka qulashni boshlaydi. Yozo yoʻqotgan insoniylikning qachondir bor boʻlgani haqida ham aniq ayta olmaymiz. Yozo hech qachon insoniyligini yo'qotmadi, chunki hech qachon unga ega boʻlmagandi. Yozo jamiyat va uning qoliplarini ichida yashirincha tanqid qilib, ularni rad etadi. Lekin mavzu ayollarga kelganda masala oʻzgaradi. Faqatgina bokiraligi uchun bir ayolga uylanadi va keyin uni bulg'aganini oʻylab, unga achingani uchun undan ajraladi. Ayollardan tushunishdan koʻra, Yozoni tushunish qiyinroq, aslida. Hayotim sharmandagarchiliklarga toʻla deganda, buni ham nazarda tutganmiding, Yozo? Dazai oʻta pessimistik yozuvchi. Kitobni oʻqish bilan faqatgina kayfiyatingiz tushishi mumkin. Chunki muallifning boʻgʻuvchi jiddiyatga ega yozish uslubi bor. Mutolaa paytida melanxolik boʻlmaslik esa ilojsiz. "Tutunamayanlar"da ham jamiyat qoliplari, jamiyatga tutina olmaslik va suitsid bor, lekin Oğuz Atay o'z qochirimlari bilan yigʻlayotgan paytingiz ham kuldira oladi. Bu kitobda esa faqat qaygʻu hukmron. "Insonlar meni to tubigacha dahshatga tushirishiga qaramay, ulardan nima qilsam ham uzila olmasdim, goʻyo" deydi Yozo. Suitsidga ketayotib ham oʻzini dahshatga solgan insonlardan uzila olmay, uchala safarida ham ular bilan birga suitsidga bordi. Va yana bir gap. Ushbu kitob muallifi Osamu Dazaining avtobiografiyasi va suitsididan avval yozib qoldirgan ohirgi asaridir.
İnsanlığımı Yitirirken
İnsanlığımı YitirirkenOsamu Dazai · İthaki Yayınları · 202334,7bin okunma
·
144 görüntüleme
Yorum yapabilmeniz için giriş yapmanız gerekmektedir.