Dostoyevskiy haqiqiy daho. Uni shunchaki o'qigingiz kelgani uchungina o'qiy olmaysiz. Uni o'qish uchun yetarli darajada ulg'aygan bo'lish kerak. Men o'zimdan amin bo'lmaganim uchun haligacha uning kitoblarini o'qishga jazm qilolmay yurardim. To kitobxonlar guruhida birgalikda o'qishni boshlamagunimizga qadar.
Kitobni boshlashga boshlab, ilk boshda yozuvchi tiliga moslashib olishga ancha qiynaldim, 100-betlardan keyingina Fedya tog'o bilan yaxshi chiqisha boshladik. Asar mavzusi er-xotin-jazman bo'lib, unda deyarli har bir obrazning psixilogik portreti yuksak mahorat bilan chiziladi. Bu jihatdan Dostoyevskiy haqiqiy psixolog ham.
Asar vafot etgan xotinining xushtorlariga yozgan ishqiy nomalarini topib olgan erning, xushtorlarni qidirib Peterburgga safar qilishi bilan boshlanadi. Kitobda ikki asosiy qahramon bor: xushtor Velchaninov va jabrlanuvchi "ayrilmas er" Pavel Pavlovich.
Asarda inson fojealari qayta va qayta kulgi ostiga olingan. Rashk, qasos, extiros, sevgi va hasad kabi hislar qahramonlar xarakterida batafsil yoritib berilgan. Kitob mutolaa davomida sizni ichagingizni uzgudek kuldirishi ham, g'ashingizni keltirib, nafratlantirishi ham mumkin.
Umuman olganda, dahoning kitoblarini endi boshlamoqchi bo'lgan kitobxonlar uchun bu asar yaxshi tanlov bo'lib beradi. Tavsiya qilaman, bemalol qayta o'qiladigan kitoblar sirasiga kiritsa bo'ladigan asar.